"Putin adashdi". Bayden Rossiyaning Ukrainaga urushi haqida
AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressning qo‘shma majlisidagi murojaatida Putin Ukrainaga qo‘shin yuborib "katta xatoga yo‘l qo‘ygani"ni aytdi.
“Olti kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin erkin dunyo poydevorini buzmoqchi bo‘lib, dunyoni o‘zining qo‘rqinchli rejalariga bo‘ysundiraman deb o‘yladi. Ammo, u hisob-kitobni noto‘g‘ri oldi", deya ta’kidladi Bayden.
Kongress a’zolari Ukraina bayroqlari bilan qatnashgan yig‘ilishda, AQSh prezidenti Jo Bayden avtokratik raqiblarini qattiq so‘zlar bilan tilga oldi.
Putin Ukrainaning Xarkov va Kiyev shaharlarini egallashga zo‘r berayotgan bir paytda, Bayden Vakillar palatasida so‘zga chiqib, amerikaliklarga erkin dunyo Putinning tajovuzkorligiga qarshi birlashganligi haqida gapirdi.
"Erkin dunyo Putinni javobgarlikka tortmoqda", dedi Bayden. "Yevropa Ittifoqining 27 a’zosi, jumladan Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan bir qatorda Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa ko‘plab davlatlar, hatto Shveysariya ham Rossiyaga zarba bermoqda va Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlamoqda. Putin hozir har qachongidan ham ko‘proq dunyodan yakkalanib qoldi”.
Bayden AQSh havo hududi Rossiya samolyotlari uchun zudlik bilan yopilayotganini ma’lum qildi.
Ukrainadagi inqiroz so‘nggi haftalarda Vashingtonning asosiy diqqat markaziga aylandi. AQSh va NATO ittifoqchilari Rossiya valyuta va fond bozorlarining keskin tushib ketishiga sabab bo‘lgan jiddiy sanksiyalarni joriy qildi. Shuningdek, Ukraina hukumatiga harbiy va moliyaviy ko‘mak berishga va’da berdi.
Bayden Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qo‘shin kiritmasligini yana bir bor ta’kidladi. Lekin, AQSh va NATO ittifoqining boshqa a’zolari alyans hududini himoya qilishini ham alohida qayd etdi.
"Ukrainaliklar matonat bilan kurashmoqda. Ammo kelgusi bir necha kun, hafta, oy ular uchun og‘ir bo‘ladi", - dedi AQSh prezidenti.
Baydenning aytishicha, Kiyev demokratiya va avtokratiya o‘rtasidagi global kurashning markazida turibdi va demokratiya g‘alaba qozonadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin o‘z qo‘shnisiga urush boshlab katta xatoga yo‘l qo‘ydi.
"U bizni o‘z uyimizda, shu xonada bo‘lib tashlayman deb o‘yladi. Qolaversa, bizni Yevropadan ham ajrata olaman deb o‘ylagandi. Lekin Putin xato qildi. Biz tayyormiz. Biz birlashganmiz va shunday bo‘ldi ham".
Baydenning aytishicha, bu ma’lum vaqt talab etadi, ammo Qo‘shma Shtatlar va uning NATOdagi ittifoqchilari hamjihat bo‘lib qoladi va albatta ozodlik zulm ustidan g‘alaba qozonadi.
Bayden o‘tgan yil avgust oyida Afg‘onistondan AQSh harbiylarning tartibsiz olib chiqib ketilishiga to‘xtalmagan. Ammo, respublikachilarning Bayden murojaatiga javobida Ayova gubernatori Kim Reynolds prezidentni Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizligi uchun tanqid qilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, hozirgi inqirozdan kelib chiqqan holda, Bayden o‘zining tashqi siyosatda asosiy e’tiborini Ukrainaga qaratgan. Biroq, ko‘p narsa noaniq.
“Hozir Bayden o‘zining ko‘p yillik tajribaga egaligii isbotladi deb o‘ylayman, ammo barchasi Ukrainadagi voqealar qanday kechishiga bog‘liq”, dedi Yaqin Sharq instituti xodimi Brayan Katulis.
"Tashqi siyosat nuqtai nazaridan bu juda muhim signal", dedi Germaniyaning Marshall jamg‘armasi xodimi Maykl Kimmeyj. "Putin Amerika siyosatida har qanday bo‘linish yoki zaif nuqtani qidirmoqda. Menimcha nafaqat Bayden, balki yig‘ilishdagilarning hammasi hozir bu signalni yuborish mavridi emasligini bilardi".