“Bolalarimiz ko‘chada qolyapti”. Prezident maktablari mavjud maktablarni tugatish hisobidan ochilmoqda
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi bir guruh ota-onalar foydalanishga topshirilganiga bir yil to‘lmagan yangi maktablari tugatilayotgani va bolalari uch chaqirim naridagi boshqa maktabga majburan ko‘chirilayotganligidan shikoyat qilishmoqda.
Ota-onalarning bildirishicha, tumandagi Balxiyon mahallasida joylashgan 750 ga yaqin namunaviy uy-joylarda yashovchi aholi farzandlari uchun qurilgan 128-sonli o‘rta maktab ixtisoslashtirilgan Prezident maktabiga aylantirilib, maktabdagi o‘quvchilarni boshka maktablarga majburiy ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlat tashkilotida ishlayotgani sabab shaxsini ochiqlamaslikni so‘ragan ota-onalardan biri holatni quyidagicha bayon qildi:
“Biz 2012-yildan buyon ushbu namunali uylarda istiqomat qilib kelamiz. Ko‘chib kelgan paytlarimizda hududimizda maktab yo‘q edi va ota-onalarning yillar davomida qilgan murojaatlariga javoban hududda 2021-yilning dekabr oyidan yangi maktab qurilib, foydalanishga topshirildi. Afsuski, bizning xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Maktabimiz Prezident ixtisoslashtirilgan maktabiga aylantirildi va unga o‘quvchilarni qabul qilish faqatgina 5-sinfdan amalga oshirilayotganligi sabab boshlang‘in siflarda o‘qiydigan bolalarimiz yana ko‘chada qolib ketmoqda”.
Yangi qurilgan 128-sonli o‘rta maktabning prezident maktabiga aylantirilgani haqida ota-onalar Pastdarg‘om tuman hokimining yoshlar masalalari va ijtimoiy sohalar bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Mamatqulov boshchiligida 12-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda xabardor qilingan.
Pastdarg‘om tuman xalq ta’limi bo‘limining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mas‘ul xodimi Ozodlik savollariga javob berarkan, 128-sonli o‘rta maktabning Prezident maktabiga aylantirilganligi huqumat miqyosidagi tashabbus bo‘lib, tuman mutasaddilari bunga aralasha olmasliklarini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 14-apreldagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risidagi tegishli farmoniga asosan, bundan buyon O‘zbekistondagi barcha ixtisoslashtirilgan maktablar faqatgina Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufida faoliyat olib borishi mumkin.
Bunda yangi Prezident maktablari sonini ko‘paytirish asosan amalda mavjud o‘rta maktablarni tugatish va undagi o‘qib kelgan maktab o‘quvchilarini yaqin hududlardagi boshqa o‘rta ta’lim muassasalariga ko‘chirish orqali amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.
Ozodlik o‘rgangan prezident farmoniga asosan, joriy o‘quv yili boshlangunga qadar respublika miqyosida amalda faoliyat yuritib kelgan 141 ta o‘rta maktab, litsey va kollejlar bir paytning o‘zida tugatilishi va undagi 82 mingga yaqin o‘quvchilar o‘z o‘qish joylaridan majburan ko‘chirilishi belgilangan.
Majburiy tugatilayotgan 141 ta o‘rta ta’lim muassasalardagi 2 mingdan ortiq o‘qituvchilar bilan ham mehnat shartnomalari bekor qilinishi belgilangan.
Tugatilayotgan o‘rta maktablar yuqori sinf o‘quvchilarining bir qismi kirish imtihonlardan muvaffaqqiyatli o‘tgan taqdirda, Prezident maktablariga qayta qabul qilinishi mumkin bo‘lsa-da, boshlang‘ich sinflarda o‘qiyotgan bolalar o‘qishlarini boshqa hududdagi maktablarda davom ettirishga majbur. Bunga sabab Prezident maktablaridagi o‘qish faqatgina 5-sinfdan olib borilishidir.
O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilar uchun joy yetishmasligi yillar davomida davom etib kelayotgan muammolardan bo‘lib, o‘rta maktablar sonining qisqarganligi vaziyatning yanada murakkablashishiga olib kelishini taxmin qilish mumkin.
Ozodlik Vazirlar mahqamasi huzuridagi Prezident ixtisoslashtirilgan maktablarini rivojlantirish agentligidan boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining taqdiri yuzasidan izoh ololmadi.
Ammo 22 -yul kuni parlamentda hisobot bergan Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov muammoning o‘ziga xos yechimini taklif qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston maktablarida “darslar sonini qisqartirish orqali sinflarda o‘quvchilar sonini kamaytirishga erishish mumkin.
“O‘zbekiston fanlar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi”,– deya ta’kidladi Bosh vazir o‘rinbosari.
Ayni paytda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi “o‘quv dasturini takomillashtirish bir kunlik masala emas”ligini aytib chiqdi.
“Bu masala ta’lim sohasidagi islohotlar doirasida o‘qituvchilar, mutaxassislar hamda halqaro ekspertlar ishtirokida keng muhokamadan o‘tishi zarur”, deyiladi 22-iyul kuni vazirlik Telegram-kanalida e’lon qilingan rasmiy munosabatda.
Vazirlikka ko‘ra, aholi sonining o‘sish ko‘rsatkichlarini inobatga olinsa, keyingi 5 yilda maktab o‘quvchilarning soni 7,7 million nafarni tashkil etishi yoki bugungi kundagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,5 million nafarga ortishi kutilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi hozircha Bosh vazir o‘rinbosarining darslar sonini qisqartirish yo‘li bilan muammoni yechish haqidagi taklifiga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
2021-yil mayida o‘sha paytdagi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilar soni o‘rinlar sonidan 1 milliontaga ko‘pligini aytgan edi. Unga ko‘ra, 2025-yilgacha bu farq 2 millionga yetishi kutiladi. Maktablarning 70 foizida o‘qish ikki smenada tashkil etilgan.