Qoraqalpog‘iston: Qonli namoyishlardan bir yil o‘tib ko‘plab savollar ochiq qolmoqda
2022-yilning 1-2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda minglab odamlar O‘zbekiston konstitutsiyasidagi o‘zgarishlarga qarshi namoyishga chiqdi. O‘zgarishlar qabul qilingani taqdirda, avtonom hududni O‘zbekistondan ajrab chiqish huquqiga ega bo‘lgan "suveren respublika" maqomidan mahrum qilishi ko‘zda tutilgandi.
Xavfsizlik kuchlari Nukus ko‘chalaridagi namoyishchilarni tarqatishga uringan payt zo‘ravonliklar boshlanib ketdi. O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, zo‘ravonliklarda 4 nafar xavfsizlik xodimlari doxil kamida 21 kishi halok bo‘lgan.
Voqealardan so‘ng o‘tgan qator sud jarayonlarida namoyishlarda ishtirok etgan qoraqalpog‘istonlik o‘nlab odam javobgarlikka tortildi, hukumat haddan tashqari kuch qo‘llagan huquq-tartibot xodimlarini jazolashga va’da berdi.
Ammo hozirgacha biron vakolatli shaxs javobgarlikka tortilmadi, voqealarni mustaqil tergov qilishi aytilgan parlament komissiyasi esa hanuzgacha biron xulosasini e’lon qilgani yo‘q.
Qonli voqealardan bir yil o‘tib ko‘plab savollar hanuz ochiq qolmoqda. Jumladan,
nima uchun hozirgacha qurbonlarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilinmadi?
noroziliklarga sabab bo‘lgan Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘iston bilan bog‘liq moddalariga o‘zgartishlar kim tomonidan ilgari surilgandi?
namoyishchilarga o‘t ochishga kim buyruq bergan?
2-iyul kuni mustaqil Gazeta.uz nashri bu savollardan ba’zilari ko‘tarilgan maqolasini hech qanday izohsiz saytdan olib tashladi. O‘zbekistondagi boshqa davlat va nodavlat nashrlar Qoraqalpog‘istondagi voqealarning bir yillik sanasini eslamadi. Na Nukus va na Toshkentda qurbonlarni xotirlash yoki qonli voqealar sanasi bilan bog‘liq biron tadbir o‘tgani xabar qilindi.
Voqealar xronologiyasi
2023-yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSH va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.
Voqealardan so‘ng O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonning yuqori hokimiyatida qator kadrlar o‘zgarishi yuz berdi, jumladan, referendumga bosh-qosh bo‘lgani aytilgan Prezident administratsiyasining qudratli rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov lavozimidan olindi.
Yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum bir necha marta kechiktirildi - va nihoyat, shu yilning 30-aprelida o‘tgan referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasi qabul qilindi, unda Qoraqalpog‘istonning "suveren" va O‘zbekistondan "ajrab chiqish huquqi" saqlab qolindi.
1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir.
O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov namoyishlar "tinch boshlangani"ni e’tirof etgan va voqealar yuzasidan AQSH Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini bildirgan.
Qo‘shni davlatlar, Rossiya va Xitoy voqealar bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining rasmiy pozitsiyasini qo‘llab quvvatlagan, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning hududiy butunligi va suverenitetini dastaklashini bildirgan.