Toshkentda IIB xodimi pedofiliyada ayblanib qamoqqa olindi. U "o‘z xohishiga ko‘ra" vazifasidan bo‘shatilgan
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Yashnobod tumani IIO MFB profilaktika noziriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 118-moddasi 4-qismi ((O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu haqdagi ma’lumotni Ozodlikka tergovga yaqin ikki manba tasdiqladi.
Ozodlik manbasining bildirishicha, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegishda ayblanayotgan xodim protsessual tartibda ushlangan va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Ichki ishlar xodimi "vazifasidan o‘z xohishiga ko‘ra bo‘shatilgani" aytilmoqda.
Voqea tafsiloti haqida yozgan Nemolchi.uz loyihasi faollariga ko‘ra, profilaktika nozirining 13 yashar qizaloqni zo‘rlagani yuzasidan faollarga jabrlanuvchining onasi murojaat qilgan.
"Jinoyat may oyining oxirida sodir bo‘lgan. 13 yoshli qizcha dugonasi bilan ko‘chada o‘ynab yurganda, shunda ularning qo‘shnisi mashinadagi o‘rtog‘ining oldiga o‘tirish va aylantirib kelishni taklif qilgan. Qizcha qo‘shnisini yaxshi taniganligi bois yomon hayolga ham bormagan. Keyin qizchalarni ijaraga olingan dala hovliga olib borishgan va o‘sha "do‘sti" qizchani zo‘rlagan", — deyiladi Nemolchi.uz loyihasi tarqatgan xabarda.
Faollarga ko‘ra, voqeadan keyin qiz odamovi bo‘lib qolgan, odamlardan o‘zini olib qocha boshlagan. Bu holdan tashvishlangan ona huquqni muhofaza qilish organlariga ariza yozgan.
Nemolchi.uz ga ko‘ra, ariza asosida tegishli sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilib, qizchaning jinsiy zo‘ravonlikka uchragani oshkor bo‘lgan. Tergovoldi surishtiruvlarida voqea tafsilotlari aniqlangan.
Biroq faollar bu natijaga erishish oson bo‘lmagani, oila huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining tazyig‘iga duch kelgani haqida yozishgan.
Nemolchi.uz bundan avval Xorazm viloyati Adliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlari bilan sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlarini jamoatilikka oshkor qilgandi.
O‘tgan yil yozida yuz bergan hodisada Xorazm viloyati Adliya boshqarmasining sobiq rahbari O.M. va Yangiariq tumani FVB sobiq boshlig‘i A. Q. lar viloyatdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan.
Hozirda Toshkent shahar sudi kassatsiya hay’ati jamoatchilikni junbushga keltirgan Xorazmdagi hodisaga oid jinoyat ishini qayta ko‘rmoqda.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar hamda xotin-qizlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar soni ortgan.
“Xususan, 16 yoshga to‘lmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 2019-yilda 99 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020-yilda 153 nafar, 2021-yilda 216 nafar, 2022-yilda 238 nafarni tashkil etgan.
14 yoshga to‘lmagan bola bilan zo‘rlik ishlatib, jinsiy aloqaga kirishish jinoyatini sodir etganlar soni esa 2019-yilda 52 nafar, 2020-yilda 35 nafar, 2021-yilda 57 nafar, 2022- yilda esa 73 nafarni tashkil etgan.
Amaldagi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan uning roziligi asosida jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganini bahona qilib, yengilroq modda bilan javobgarlikka tortilishi mumkin edi” deyiladi Kun.uz sayti xabarida.
Shu yilning aprel oyida qabul qilingan yangi qonun bo‘yicha pedofiliya jinoyatlari uchun javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan-bilmaganidan qat’i nazar jinoiy jazoga tortilishi ko‘zda tutilgan.
“Ya’ni 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar, jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Yangi qonun bilan, jinsiy jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari uncha og‘ir bo‘lmagan turdagi jinoyatlar, og‘ir jinoyatlar turkumiga, og‘ir jinoyatlar esa o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi”, deyiladi qonunga berilgan izohda.