"O‘zbek malikasi"ning Shveysariya bankidagi muzlatilgan millionlari kimga qaytariladi?
O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi, “O‘zbek malikasi” sifatida tanilgan Gulnora Karimovaning 840 million dollar aktivlari hukumat so‘rovi bilan Shveysariyadagi bankda muzlatib qo‘yilgan.
Shveysariyada uzoq davom etgan sud jarayonidan so‘ng tez orada qaror chiqishi kutilmoqda: Xo‘sh, bu pullar kimga beriladi, Shveysariya hukumatigami yoki O‘zbekiston hukumati, yoki Zeromax kompaniyasining sobiq investorlarigami, ehtimol hozirda qamoqda bo‘lgan 51 yoshli Gulnoraning o‘ziga qaytarilar?
Britaniyada chiqadigan Financial Times gazetasi ana shunday savollarni qo‘ymoqda.
O‘n yillik tergovdan so‘ng Shveysariya prokurorlari Karimovaga qarshi ayblovni 28-sentabr kuni sudga kiritildi. Sud bu boyliklar qayerdan kelgani va qayerga ketishiga oydinlik kiritishi kerak, deb yozdi Financial Times.
Nashrga ko‘ra, Zeromax kreditorlari allaqachon yangi yuridik jarayonni boshlagan. Sugda asoslangan Zeromax 2010-yili 4.6 milliard dollarlik qarz bilan bankrot deb e’lon qilinganda bu Shveysariyadagi ikkinchi eng katta bankrotlik holati bo‘lgan edi. Bundan avval ushbu xolding shirkat O‘zbekistondagi eng katta investor va ish beruvchi bo‘lgan va ko‘pchilik uni Karimova bilan bog‘lardi.
Financial Times'ning yozishicha, shirkat kreditorlari orasida Braziliya futbol yulduzlaridan tortib Germaniyaning Qora o‘rmon hunarmandlarigacha bo‘lgan.
Kreditorlarning 10-oktabr kuni ilgari surilgan yuridik da’vosida aytilishicha, Shveysariya hukumati o‘yin qilmoqda va ularning huquqlari ta’minlanishiga yillarcha halal berib kelgan. Ularning aytishicha, rasmiy Bern bu pullarni turli diplomatik imtiyozlar evaziga o‘zbek hukumatiga sekingina berib yubormoqchi.
“Mijozlarimiz 2017-yildan buyon Shveysariya va O‘zbekistonning yuqori darajali rasmiylari til biriktirganidan shikoyat qilmoqda” deydi kreditorlar huquqlarini himoya qilayotgan Syurihdan advokat Tomas Rim Financial Times ga.
Shveysariya hukumati da’vosicha, Karimova va Zeromax o‘rtasida aloqa yo‘q. 2018-yilgi sud hukmiga ko‘ra, Zeromax Karimova tomonidan boshqarilmagan va unga foyda ham keltirmagan. Agar ushbu hukm kuchda qolsa, Karimovaning pullari O‘zbekiston hukumatiga berilishi kerak bo‘ladi.
Karimova boyligining jinoiy manbalari haqidagi iddaolar yangilik emas. AQSH Adliya vazirligining 2019-yilgi ayblov xulosasida aytilishicha, Karimova telekommunikatsiya sohasida Toshkentda shartnoma tuzmoqchi bo‘lgan xalqaro kompaniyalardan 850 million dollardan ortiq pora olgan. Ish hali sudgacha etib bormagan. 2010-yilda oshkor qilingan diplomatik yozishmalarda amerikalik diplomatlar uni “O‘zbekistondagi eng nafratlanilgan shaxs” va mamlakatdagi “deyarli har qanday foydali biznesdan ulush undirishga uringan” “qaroqchi baron” deb ta’riflashgan.
Karimova Zeromax bo‘yicha ham, va boshqa ayblovlarni ham tamoman rad qilib kelmoqda.
“U o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarga qarshi o‘zini oqlash uchun kurashadi”,- deydi Jenevadan advokat Greguar Manje. Shveysariya banklarida muzlatilgan pullar hozir qonunan unga tegishli, deydi u.
Sud qachon bo‘lishi aniq emas, ammo Financial Times maqolasida aytilishicha, barcha tomonlar bu chigal vaziyat tezroq hal bo‘lishiga umid qilmoqda.
2020-yil martida Toshkent shahar sudi Karimovani jinoiy til biriktirganlik, tovlamachalik, o‘zlashtirish, o‘g‘rilik, pul yuvganlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topib, 13 yil-u 4 oyga ozodlikdan mahrum etgan. U ayni paytda jazo muddatini Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida jazo o‘tayapti.
Shveysariya, Fransiya, AQSH va boshqa qator mamlakatlardagi Gulnora Karimovaga aloqador bo‘lgan mulklarning umumiy qiymati qariyb 1,4 milliard dollarga baholangan. O‘zbekiston hukumati mazkur aktivlarning bir qismini qaytarib olishga urinib kelmoqda.
2020 va 2021-yillarda O‘zbekiston Fransiyadan 20 million dollarni qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu mablag‘ Parijdagi kondominium va 1815-yilda qurilgan Château de Groussay qasrining sotilishidan tushgani aytilgan.
Avvalroq Ozodlik Britaniyada Gulnora Karimovaning qiymati 25 mln dollardan ortiq uchta uyi musodara etilgani haqida xabar qilgan edi. Britaniyaning O‘ta yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurash byurosi (Serious Fraud Office) Karimova 2004-yildan 2012-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistondagi bozorga kirishga yordam bergani evaziga telekommunikatsion shirkatlardan pora o‘laroq yuzlab million dollar olganini iddao qilgan.