OAVni yopish va TikTok’ni bloklashga urinish: Qirg‘iziston endi Markaziy Osiyodagi “demokratiya oroli” emas
Qirg‘izistonning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri hukumat uni yopishga urinayotgani haqida xabar berganidan ko‘p o‘tmay Madaniyat vazirligi TikTok’ni bloklab qo‘ydi. Uzoq vaqt Markaziy Osiyoning eng erkin davlati sanalgan Qirg‘iziston bu maqomidan ayriladigan ko‘rinadi. Qirg‘izistondagi mashhur nashr “Kloop” o‘quvchilarga hukumat uni yopishga urinayotgani haqida xabar berdi. Bir kun oldin ushbu nashr o‘z surishtiruvlarida korrupsiya va kontrabandaga aloqadorligini ko‘rsatib bergan shaxs o‘z “reabilitatsiya” jarayonini yakunlagandi.